TOShKENT, 12 noya — Sputnik. Ish vaqtidan tashqari mehnat uchun haq to‘lashning yangi tartibi belgilandi — endilikda ish vaqtidan tashqari ishlagan birinchi ikki soat uchun kamida 1,5 baravar, ikki soatdan ortiq qismi uchun esa kamida 2 baravar haq to‘lanadi. Yangi qonun bilan normativ-huquqiy hujjatlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
O‘zgarishlar Migratsiya agentligining vakolatlarini aniqlashtirish, xususiy bandlik agentliklarining huquq va majburiyatlarini kengaytirish, shuningdek ish vaqtidan tashqari mehnat uchun haq to‘lash tizimini takomillashtirishga qaratilgan.
Unga ko‘ra, xususiy bandlik agentliklariga quyidagi huquqlar berildi:
ish qidirayotgan shaxslarni kasb-hunar va chet tillarga o‘qitish bo‘yicha o‘quv kurslarini belgilangan tartibda tashkil etish, shuningdek bu jarayonga chet ellik ish beruvchilarni jalb qilish;
zaxira qilinadigan mablag‘larni tijorat banklaridagi depozitlarga joylashtirish orqali olinadigan foiz daromadlarini mustaqil ravishda tasarruf etish.
Bundan tashqari, Mehnat kodeksiga kiritilgan o‘zgartirishlarga muvofiq, ish vaqtidan tashqari mehnatning umumiy davomiyligi yiliga 120 soatdan oshmasligi haqidagi cheklov bekor qilindi.