Rossiya O‘zbekistonga 1 mlrd dollarga yaqin qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qildi

Rossiya O‘zbekistonga oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berish hajmini 15 foizga oshirdi, eksport qiymati 938 million dollarni tashkil etdi. Asosiy mahsulotlar shakar, shokolad va soya shroti bo‘ldi
Sputnik
TOShKENT, 11 noya — Sputnik. Rossiya joriy yilning dastlabki 10 oyida O‘zbekistonga 938 million dollarlik qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksport qildi, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 15 foizga ko‘p. Bu haqda Rossiyaning “Agroeksport” federal markazi xabar berdi.
Eksport tarkibining asosini shakar va shakar xomashosi tashkil etdi — yanvar–oktabr oylarida bu mahsulotlar 188 million dollarlik hajmda yetkazib berilgan. Ikkinchi o‘rinda shokoladli qandolat mahsulotlari (82 mln dollar), uchinchi o‘rinda esa soya shroti va kunjarasi (61 mln dollar) joy oldi.
Bundan tashqari, Rossiya O‘zbekistonga non va qandolat mahsulotlari, shirin gazlangan ichimliklar, mayonez, souslar, margarin, pishloq, tvorog, muzlatilgan baliq, hayvonlar uchun ozuqa, qahva va parranda go‘shti yetkazib berish hajmini ham sezilarli oshirgan. Xususan, parranda go‘shti eksporti 2,7 barobarga, eriydigan qahva ikki barobarga, tirik hayvonlar yetkazib berish 12 barobarga ko‘paygan.

“2018 yildan 2024-yilgacha O‘zbekiston bozoriga Rossiya oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib berish 2,8 barobarga oshdi. 2030-yilga kelib, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksporti 1,4 milliard dollardan oshishi mumkin”, — dedi “Agroeksport” markazi rahbari Ilya Ilyushin.

Shuningdek, Rossiya Qishloq xo‘jaligi vazirligining O‘zbekistondagi vakili Aleksey Ulyanov ta’kidlashicha, Rossiya kelgusida shakar, parranda go‘shti, sut va baliq mahsulotlari, tirik qoramol va mayda shoxli mollar yetkazib berish hajmini yanada oshirish imkoniyatlariga ega.
O‘zbekiston, Rossiya, Qozog‘iston o‘rtasida tashuvlar uchun imtiyozli tarif joriy etilish mumkin