TOShKENT, 11 noya — Sputnik. Ogohlantirishdan keyin besh kun ichida chiqindi xizmati uchun qarzni to‘lamagan Toshkent shahridagi 6 ming abonentning elektr energiyasiga to‘lov qilish imkoniyati vaqtincha cheklandi. Bu haqda Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyot agentligi xabar berdi.
Ma’lumotga ko‘ra, 5-noyabr kuni Toshkent shahri bo‘yicha chiqindi xizmatlaridan kelib chiqqan 2 milliard so‘mdan ortiq debitor qarz uchun jami 25 ming 121 abonent “Hududiy elektr tarmoqlari” AJning “2100” raqamidan SMS orqali ogohlantirilgan.
Hozirda poytaxtda chiqindi xizmatlariga oid 582 million so‘mdan ortiq qarz mavjud. Cheklov qarz to‘langanidan so‘ng darhol yechiladi.
Shuningdek, dekabr oyidan bu tizim mamlakatning barcha hududlarida joriy etilishi rejalashtirilgan.
Mazkur tartib 2025-yil 7-martda qabul qilingan 1044-sonli qonunga asosan joriy etilgan bo‘lib, faqat 2025-yil 1-iyulidan keyingi qarzdorliklarga nisbatan qo‘llaniladi.