TOShKENT, 7 noya – Sputnik. Rossiya Mudofaa vazirligi G‘arb mamlakatlaridan Kiyev rejimiga kelib tushayotgan qurol-yarog‘larni kuzatmoqda. Bu haqda Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Mariya Zaxarova ma’lum qildi.
“Albatta, mudofaa idoramiz turli G‘arb koalitsiyalaridan Kiyev rejimiga kelib tushayotgan qurol-yarog‘larni kuzatmoqda. Biz ham bunga Mudofaa vazirligi ma’lumotlaridan kelib chiqqan holda munosabat bildiramiz”, - dedi u brifing chog‘ida.
Zaxarova “Bloomberg” nashrining Buyuk Britaniya Ukrainaga yangi qurol-yarog‘lar partiyasini yetkazib bergani haqidagi xabariga shunday munosabat bildirdi.
Nashr 3-noyabr kuni Britaniya Ukrainaga “Storm Shadow” qanotli raketalarning yangi partiyasini yetkazib berganini yozgandi.
Rossiya Ukrainaga qurol-yarog‘ yetkazib berishni kelishuvlar yo‘lidagi to‘siq, NATO davlatlarini mojaroga tortadigan omil va "o‘t bilan o‘ynash" deb hisoblamoqda. Rossiya TIV rahbari Sergey Lavrovning ta’kidlashicha, Ukraina uchun bo‘lgan har qanday qurol yuki Rossiya uchun qonuniy nishonga aylanadi.
Kreml ham G‘arbning Ukrainaga qurol yetkazib berishi muzokaralarga yordam bermasligini, aksincha, salbiy ta’sir ko‘rsatishini bildirdi.
Shuningdek, Rossiya Tashqi ishlar vazirligi AQSh va NATO Ukrainadagi mojaroda bevosita ishtirok etayotganini qayd etdi — bu nafaqat qurol-yarog‘ jo‘natish, balki Buyuk Britaniya, Germaniya, Italiya va boshqa mamlakatlar hududida Ukraina qo‘shinlari uchun kadrlar tayyorlash orqali ham amalga oshirilayapti.