TOShKENT, 6 noya – Sputnik. Birlashgan Arab Amirliklarining (BAA) “Masdar” va “AMEA Power” kompaniyalari Navoiy viloyatida elektr saqlash tizimlarini quradi. Abu-Dabida o‘tkazilayotgan “ENACT Majlis” va “ADIPEC-2025” sun’iy intellekt va energetika sohasiga oid xalqaro forumlarda tegishli kelishuvlarga erishildi, deb xabar berdi O‘zbekiston Energetika vazirligi matbuot xizmati.
Kelishuvga ko‘ra, “Masdar” kompaniyasi Navoiy viloyatida 300 MVt/600 MVt·soat va “AMEA Power” kompaniyasi 200 MVt/800 MVt·soat quvvatli 2 ta energiya saqlash tizimini quradi.
Tadbir doirasida BAA sanoat va ilg‘or texnologiyalar vaziri Sulton Ahmad al-Jobir, energetika va infratuzilma vaziri Suhayl al-Mazruiy va qator hamkor kompaniyalar rahbarlari bilan uchrashuvlar ham o‘tkazildi.
Uchrashuvlarda O‘zbekiston va BAA o‘rtasida “yashil” energetika va neft-gaz sohalarini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, erishilgan natijalar hamda istiqboldagi rejalar muhokama qilindi.
Bugungi kunda “Masdar” kompaniyasi bilan hamkorlikda O‘zbekistonda umumiy quvvati 1 247 MVt bo‘lgan 5 ta quyosh va 500 MVt quvvatli 1 ta shamol elektr stansiyasi hamda 63 MVt quvvatli 1 ta energiya saqlash tizimi ishga tushirilgani va barqaror “yashil” energiya ishlab chiqarayotgani alohida ta’kidlandi. Bundan tashqari, Qashqadaryo viloyatida quvvati 300 MVt bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyasi barpo etilmoqda.