Misr vakili YuNESKO bosh direktori etib tasdiqlandi

Samarqandda o‘tkazilayotgan YuNESKOning Bosh konferensiyasi 43-sessiyasida misrlik Xolid al-Ananiy tashkilotning bosh direktori etib tasdiqlandi.
Sputnik
TOShKENT, 6 noya – Sputnik. Misrning sobiq turizm va qadimiy yodgorliklar vaziri Xolid al-Ananiy Samarqanddagi YuNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasida tashkilotning bosh direktori etib tasdiqlandi. Bu haqda RIA Novostiga Rossiya Tashqi ishlar vazirligining ko‘p tomonlama gumanitar hamkorlik va madaniy aloqalar departamenti direktori Aleksandr Alimov ma’lum qildi.
Sessiya kun tartibidagi asosiy masalalardan biri — YuNESKOning yangi bosh direktori saylovi bo‘ldi.
Alimovning so‘zlariga ko‘ra, yashirin ovoz berish natijasida Xolid al-Ananiy 175 ovozdan 172 tasini qo‘lga kiritgan.
Ta’kidlash joizki, YuNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi 1985-yildan beri ilk bor tashkilotning Parijdagi shtab-kvartirasidan tashqarida — Samarqand shahrida o‘tkazilmoqda.
Avvalroq, Rossiyaning YuNESKOdagi doimiy vakili Rinat Alyautdinov RIA Novostiga Al-Ananiyning YuNESKO bosh direktori lavozimiga saylanishi Global Janubning aksariyat mamlakatlari G‘arb tomonidan joriy etilgan tashkilotning siyosiylashuvidan charchaganini ko‘rsatishini aytgan edi.
Shavkat Mirziyoyev YuNESKO Bosh konferensiyasida qanday tashabbuslarni ilgari surdi?