TOShKENT, 5 noya – Sputnik. 2026 yil 1-yanvardan O‘zbekistonda davlat ijtimoiy sug‘urtasining yangi tizimi joriy etiladi. Prezident tegishli chora-tadbirlar dasturini tasdiqlash to‘g‘risidagi qarorni imzoladi.
Qarorga ko‘ra, fuqarolar davlat ijtimoiy sug‘urtasi bilan quyidagi shartlarda qamrab olinadi:
majburiy asosda – O‘zbekiston Respublikasining “Davlat budjeti to‘g‘risida”gi qonun bilan miqdori belgilanadigan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ining bir qismi hisobidan;
ixtiyoriy asosda – mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 5 foizi miqdoridagi har oylik sug‘urta badalining eng kam miqdorini to‘lash orqali.
Fuqarolarga davlat ijtimoiy sug‘urtasi bo‘yicha to‘lovlar ularning minimal sug‘urta staji va to‘lagan sug‘urta badaliga mutanosib ravishda Ijtimoiy himoya milliy agentligining Davlat ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi (Jamg‘arma) orqali to‘lanadi.
Jamg‘arma orqali quyidagilar proaktiv shaklda tayinlanadi va to‘lanadi:
2026 yil 1-yanvardan homiladorlik va tug‘ish nafaqasi;
2026 yil 1-iyuldan vaqtinchalik mehnatga layoqatsizlik nafaqasi.
Shuningdek, fuqarolarning murojaatlari asosida 2030-yil 1-yanvardan ishdan bo‘shatish nafaqasi ham Jamg‘arma orqali tayinlanadi va to‘lanadi.