Shavkat Mirziyoyev Butunjahon sammitida global tashabbuslarni ilgari surdi

Ijtimoiy rivojlanish bo‘yicha Butunjahon sammitida Shavkat Mirziyoyev kambag‘allikka qarshi kurash, ta’lim imkoniyatlari, migrantlar himoyasi va iqlim o‘zgarishiga oid tashabbuslarni ilgari surdi.
Sputnik
TOShKENT, 4 noya – Sputnik. Qatar poytaxti Doha shahrida ijtimoiy rivojlanish bo‘yicha ikkinchi Butunjahon sammitida prezident Shavkat Mirziyoyev qator muhim xalqaro tashabbuslarni ilgari surdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Davlat rahbari quyidagi takliflarni bildirdi:
Kambag‘allikka qarshi kurashishda yangi moliyaviy arxitektura yaratish: shu maqsadda, kambag‘allikni qisqartirish va ijtimoiy adolatni ta’minlashga qaratilgan Global ijtimoiy adolat fondini ta’sis etishni taklif qildi.
Yuqori texnologiyalar inqilobining ta’siriga qarshi choralar ko‘rish: sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalar jadal rivojlanayotgan bir paytda dunyoda millionlab ish o‘rinlari yo‘qolmoqda. Prezidentga ko‘ra, bu sharoitda hukumatlar va biznes ijtimoiy hamkor sifatida xodimlarni qo‘llab-quvvatlashga katta ahamiyat berishi zarur. Shu munosabat bilan ijtimoiy mas’uliyat va munosib mehnat bo‘yicha global tashabbusni ishlab chiqish taklif etildi.
Ta’lim orqali ijtimoiy muammolarga yechim topish: ta’kidlanishicha, barcha uchun ta’lim imkoniyatlarini kengaytirish orqali ijtimoiy tengsizlikka qarshi kurashish mumkin. Shu munosabat bilan Ochlik va qashshoqlikka qarshi Global alyans sammitlaridan birini O‘zbekistonda o‘tkazish va ta’lim masalasini kun tartibining markaziy mavzusi sifatida belgilash taklif qilindi.
Mehnat migrantlari va ularning oilalarini himoya qilish: kelgusi yili Xalqaro mehnat va migratsiya tashkilotlari bilan hamkorlikda O‘zbekistonda migrantlar va ularning oilalarini ijtimoiy-huquqiy himoya qilish bo‘yicha xalqaro forum o‘tkazish hamda yangi Global dastur qabul qilish taklif etildi.
Shuningdek, prezident iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash choralarini bandlik dasturlari bilan uyg‘unlashtirish zarurligini ta’kidladi.
Ushbu maqsadda, BMT rezolyutsiyasiga muvofiq “ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi” deb e’lon qilingan Orolbo‘yi mintaqasida O‘zbekiston ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotning yangi modelini joriy etish niyatida ekanligini bildirdi.
Shavkat Mirziyoyev YuNESKO Bosh konferensiyasida qanday tashabbuslarni ilgari surdi?