O‘zbekiston–Xitoy ikkinchi ta’lim forumi birinchi kunida 20dan ortiq hujjat imzolandi

Toshkentda O‘zbekiston–Xitoy ikkinchi ta’lim forumi boshlandi. Forumda ta’lim va fan sohasidagi hamkorlik rivoji muhokama qilindi, 20 dan ortiq qo‘shma hujjat imzolandi
Sputnik
TOShKENT, 3 noya – Sputnik. Toshkent shahrida “Yangi avlod kadrlarini tayyorlash: ta’lim, fan va innovatsiyalar orqali O‘zbekiston va Xitoyning barqaror taraqqiyot sari hamkorligi” mavzusidagi O‘zbekiston–Xitoy ikkinchi ta’lim forumi o‘z ishini boshladi.
Anjuman O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida tashkil etilgan.
Forumda O‘zbekiston Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi mutasaddilari, 160 dan ortiq mahalliy ta’lim muassasalari vakillari, Xitoy Ta’lim vazirligi boshchiligidagi 140 dan ziyoda oliy va kasbiy ta’lim muassasalari rahbarlari, shuningdek ish beruvchi korxonalar ishtirok etmoqda. Jami qatnashchilar soni 500 nafarga yaqin.
Anjuman doirasida “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusi, “O‘zbekiston–2030” strategiyasi hamda Xitoy–Markaziy Osiyo ta’lim integratsiyasiga oid qator memorandum va bitimlar imzolandi.
Birinchi kun yakuniga ko‘ra, O‘zbekistonning oliy ta’lim muassasalari va Xitoyning yetakchi universitetlari o‘rtasida 20 dan ortiq hamkorlik hujjatlari rasmiylashtirildi.
Tadbirda turli sho‘ba yig‘ilishlari bo‘lib o‘tdi. Ular ta’limni raqamlashtirish, ilmiy tadqiqotlarni amaliyotga joriy etish, o‘qituvchilar malakasini oshirish va talaba almashinuvini kengaytirish kabi masalalarga bag‘ishlandi.
Forum ishtirokchilari uchun milliy raqslar, turli sport o‘yinlari va hududlarga oid urf-odatlar namoyish etildi. Shuningdek, ikki mamlakat vakillari do‘stlik ramzi sifatida universitet hududiga daraxt ko‘chatlari ekdilar.
Poytaxtda “Rossiya ta’limi. Toshkent – 2025” xalqaro ko‘rgazmasi ochildi