TOShKENT, 3 noya – Sputnik. Tashqi ishlar vazirligi delegatsiyasi Turkiyaga tashrifi doirasida mahalliy ish beruvchilar bilan uchrashuv o‘tkazib, o‘zbekistonliklarni Turkiyada qonuniy band qilish masalasini muhokama qildi. Bu haqda "Dunyo" Axborot agentligi xabar berdi.
Uchrashuvda Turkiyada faoliyat yurituvchi "KSK Temizlik Turizm ve Organizasyon", "Angora Ahşap Alüminyum PVC" va yana 5 ta xususiy bandlik agentliklari vakillari ishtirok etgan.
Muloqot davomida quyidagi masalalar muhokama qilindi:
O‘zbekiston fuqarolarining qonuniy bandligini ta’minlash;
Noqonuniy mehnat migratsiyasining oldini olish;
Bandlik sohasida o‘zaro tajriba almashish;
Turkiyadagi bo‘sh ish o‘rinlariga uyushgan holda ishga tanlash va joylashtirish.
Turkiya tomonidan ma’lum qilinishicha, qurilish, ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish va turizm sohalari bo‘yicha 2000 dan ortiq ish o‘rni mavjud.
Shuningdek, ishga joylashtirish jarayonlaridagi ayrim kamchiliklar yuzasidan fikr almashilib, ularni qisqa muddatda bartaraf etish bo‘yicha choralar belgilandi.