TOShKENT, 2 noya – Sputnik. O‘zbekistonda ayrim yo‘l harakati qoidabuzarliklari uchun amaliyotga ma’muriy ogohlantirish chorasi kiritilmoqda. Senat Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekska qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi qonunni ma’qulladi.
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi 24.1-modda to‘ldirilib, ma’muriy jazo sifatida ma’muriy ogohlantirish chorasi kiritilmoqda.
Qonunchilikka kiritilayotgan ushbu qo‘shimchaga ko‘ra ma’muriy yo‘l harakati qoidabuzarliklarini birinchi marta sodir qilgan shaxs rasmiy tanbeh berilgan holda ma’muriy ogohlantirilishi hamda ushbu chora ayni bir shaxsga nisbatan bir yil davomida bir martadan ortiq qo‘llanilishi mumkin emasligi nazarda tutilmoqda.
Shuningdek, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi yangi 17.1-modda bilan to‘ldirilib, foto va video qayd etish texnika vositalari orqali qayd etiladigan qoidabuzarliklarning turi aniq belgilanmoqda.
Yo‘l harakati qoidalari buzilganligi maxsus texnika vositalari orqali qayd etilgan hollarda ma’muriy jazo huquqbuzarlik sodir etilgan kundan e’tiboran 1 oydan kechiktirmay qo‘llanilishi aniq belgilab qo‘yilmoqda.
Senatorlarning ta’kidlanishicha, joriy yilning 8 oyi davomida umumiy yo‘l-transport hodisalarilari 2,4% ga, tan jarohati bilan bog‘liq holatlar 1,5% ga kamaygan. O‘lim bilan bog‘liq holatlar esa 5,6% ga pasaygan bo‘lsa, piyodalar ishtirokida sodir etilgan avtohalokatlar soni 1,6% ga kamaydi.