TOShKENT, 2 noya – Sputnik. Maldiv orollarida 2007-yil 1-yanvardan keyin tug‘ilganlarga tamaki chekish taqiqlandi, deya yozadi “The Guardian”.
Mamlakat Sog‘liqni saqlash vazirligining ma’lum qilishicha, 1-noyabrdan boshlab Maldiv orollarida butun bir avlod uchun tamaki taqiqi kuchga kirdi.
Yangi qoidaga ko‘ra, 2007-yil 1-yanvarda keyin tug‘ilganlarga Maldiv orollarida har qanday tamaki mahsulotlarini sotib olish, iste’mol qilish yoki sotish taqiqlanadi.
Bu taqiq mamlakatga tashrif buyuruvchi xorijliklarga ham taalluqli. Maldivda, yoshidan qat’i nazar, barcha shaxslar uchun elektron sigaretalar va veyplarni import qilish, sotish, saqlash va ulardan foydalanish taqiqi mavjud.
Voyaga yetmaganlarga tamaki sotish 50 ming rufiya (3,2 ming dollar), elektron sigaretalardan foydalanish esa 5 ming rufiya (320 dollar) miqdorida jarimaga sabab bo‘lishi mumkin.