TOShKENT, 31 okt – Sputnik. Toshkent shahrida MDHga a’zo davlatlarning mehnat, bandlik va aholini ijtimoiy himoya qilish masalalari bo‘yicha Maslahat kengashi a’zolarining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Bu yil Maslahat kengashiga ilk bor O‘zbekiston raislik qildi.
Tadbirda MDH davlatlari vazirlik va idoralari vakillari bilan bir qatorda, MDH Ijroiya qo‘mitasi, Parlamentlararo Assambleya, Davlatlararo statistika qo‘mitasi, Butunjahon kasaba uyushmalari konfederatsiyasi va boshqa xalqaro tashkilotlar vakillari ham ishtirok etdi.
Yig‘ilishda mehnat, bandlik va aholini ijtimoiy himoya qilish sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash, o‘zaro tajriba almashish va yangi tashabbuslarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Maslahat kengashi 1992-yilda tashkil etilgan bo‘lib, uning tarkibiga Ozarbayjon, Armaniston, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Moldova, Rossiya, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston mehnat vazirlari kiradi.