TOShKENT, 31 okt – Sputnik. Olimpiada chempioni va mag‘lubiyatsiz professional bokschi Bahodir Jalolov o‘zining navbatdagi jangini 14-noyabr kuni O‘zbekiston poytaxtidagi "Humo Arena"da o‘tkazadi.
Jalolovning raqibi nigeriyalik kuchli nokautchi Solomon Adebayo bo‘ladi. Jang 8 raundga mo‘ljallangan.
Jalolov 6-oktabr kuni Sankt-Peterburgda bo‘lib o‘tgan so‘nggi jangida rossiyalik Vitaliy Kuduxovni ochkolar hisobiga ko‘ra ishonchli tarzda mag‘lub etdi.
Nigeriyalik Adebayo esa 2024-yil iyulidan beri ringga chiqmayotgan edi — o‘shanda u birinchi raundda namibiyalik Lukas Ndafolumani nokautga uchratgan.
Ikkala jangchi ham kuchli zarba va nokaut bilan g‘alaba qozonishning yuqori foiziga ega: Jalolov — 16 jangda 14 nokaut, Adebayo — 14 jangda 13 nokaut.
Ikkala bokschi ham shu kungacha biron marta mag‘lubiyatga uchramagan.
Shu kuni Bahodir Jalolovdan tashqari o‘zbek boksining boshqa yulduzlari ham ringga ko‘tariladi: Shahram G‘iyosov, Baxt Ilosov, Lazizbek Mullojonov, Nurislom Ismoilov, Viloxon Abdullayev, Shohjahon Abdullayev, Ozodbek Aliyev va Xursand Imonquliyev.