O‘zbekiston va Slovakiya strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlaydi

Uchrashuvda savdo va sanoat hamkorligini rivojlantirish, raqamlashtirish va ta’lim sohalarida aloqalarni kengaytirish, shuningdek, mehnat migratsiyasini yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi.
Sputnik
TOShKENT, 30 okt – Sputnik. Samarqand shahrida YuNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi doirasida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Slovakiya prezidenti Peter Pellegrini bilan muzokara o‘tkazdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Tomonlar tovar ayirboshlash va investitsiya hajmini oshirish, sanoat kooperatsiyasi loyihalarini kengaytirish masalalarini muhokama qildi. O‘zbekistondan to‘qimachilik, charm, meva-sabzavot va boshqa mahsulotlar, Slovakiyadan esa kauchuk, avtomobil butlovchi qismlar va farmatsevtika tovarlarini yetkazib berishni ko‘paytirishga kelishib olindi.
Shu maqsadda milliy mahsulotlar ko‘rgazmalari va savdo uylarini tashkil etish rejalashtirilgan.
Raqamlashtirish sohasiga alohida e’tibor qaratildi. Bank kiberxavfsizligi va yuk tashishlarni kuzatish bo‘yicha qo‘shma monitoring markazi tashkil etish taklif qilindi.
Slovakiya biznesi bilan avtomobil qismlari, sut mahsulotlari ishlab chiqarish kabi yo‘nalishlarda hamkorlikni kengaytirishga tayyorlik bildirildi. Shuningdek, gumanitar va ta’lim almashinuvini rivojlantirish, 2026-yilda Bratislavada ikki mamlakat rektorlari forumini o‘tkazish, turizm ko‘rgazmalari va “O‘zbekiston—Slovakiya turizm kunlari”ni tashkil etish taklif etildi.
Tomonlar mehnat migratsiyasini tartibli yo‘lga qo‘yish masalasini ham muhokama qildilar.
Shavkat Mirziyoyev Brusselda YeI rahbarlari bilan muzokaralar o‘tkazadi