TOShKENT, 30 okt – Sputnik. O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Ozarbayjon tashqi ishlar vaziri Jeyhun Bayramov bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Suhbat chog‘ida O‘zbekiston va Ozarbayjon xalqlarini birlashtiruvchi umumiy tarix, til va qadriyatlarga asoslangan do‘stlik, o‘zaro hurmat va ishonch rishtalari izchil mustahkamlanayotgani ta’kidlandi.
Tomonlar savdo, transport, energetika, ta’lim va madaniy almashinuv sohalaridagi hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildi.
Shuningdek, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlash yo‘lida mavjud imkoniyatlardan to‘liq foydalanishga kelishib olindi.