TOShKENT, 30 okt – Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyoyev ijtimoiy sug‘urta tizimini takomillashtirish bo‘yicha taqdim etilgan takliflar bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Taqdimotda qayd etilganidek, xususiy sektorda band bo‘lgan aholining katta qismi hozirda homiladorlik, vaqtincha mehnatga layoqatsizlik va ishdan bo‘shash kabi holatlar bo‘yicha nafaqalar bilan qamrab olinmagan.
Bu holatni to‘lovlar ishlab chiqariladigan mahsulot tannarxining oshishiga olib kelayotgani, ish beruvchilar nafaqalarni to‘lashga ortiqcha yuklanma sifatida qarayotgani sababli ularga uchun ushbu tizim jozibador emasligi bilan izohlash mumkin.
Shu bilan birga, Xalqaro mehnat tashkilotining konvensiyalariga ko‘ra, tug‘ish va kasallik bo‘yicha nafaqalar ijtimoiy sug‘urta mexanizmlari orqali to‘lanishi belgilangan.
Ijtimoiy himoyani kuchaytirish va milliy sug‘urta tizimini xalqaro talablarga moslashtirish maqsadida ishlab chiqilgan takliflar muhokama qilindi. Unga ko‘ra, rasmiy band bo‘lgan barcha shaxslarga nafaqalar bosqichma-bosqich Ijtimoiy himoya jamg‘armasi orqali to‘lanishi yo‘lga qo‘yiladi.
2026 yildan ayollarga homiladorlik nafaqasi, 2026-yil ikkinchi yarmidan esa vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqalari to‘lab boriladi.
Yangi tizimning asosiy maqsadi — ishchilarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish va rasmiy mehnat munosabatlarini rag‘batlantirish ekani ta’kidlandi.
Prezident sohani raqamlashtirish, uning shaffof ishlashini ta’minlash, nafaqalarni proaktiv tarzda tayinlab, o‘z vaqtida to‘lab borish bo‘yicha topshiriqlar berdi.