TOShKENT, 28 okt – Sputnik. Istanbulda Rossiya va Ukraina delegatsiyalari o‘rtasidagi muzokaralar jarayonini qayta tiklash masalasida hozircha siljish yo‘q. Bu haqda RIA Novostiga Turkiya prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an ma’muriyati ma’lum qildi.
"Yo‘q, hozircha muzokaralar qayta tiklanishini ko‘rsatadigan hech qanday jarayon kuzatilmayapti. Biz ularni qabul qilishga tayyorligimizni bir necha bor bildirganmiz", - dedi ma’muriyat vakili RIA Novostining muzokaralar tiklanishi ehtimoliga izoh berish iltimosiga javoban.
Ta’kidlanishicha, Istanbulda Rossiya va Ukraina to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralarning uch raundini o‘tkazgan. Ular natijasida asirlar almashinuvi amalga oshgan, Rossiya halok bo‘lgan ukrainalik harbiylarning jasadlarini qaytargan, shuningdek, mojaroni hal etish bo‘yicha memorandum loyihalari almashilgan.
Avvalroq Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Moskva Ukraina bilan siyosiy tartibga solish masalalarini muhokama qilishga tayyorligini bildirgan, ammo Istanbulda ilgari surilgan takliflarga Kiyevdan javob yo‘qligini qayd etgan edi. Shu bilan birga, Vladimir Zelenskiy Rossiya prezidentining muzokaralar uchun Moskvaga kelish taklifini rad etgani aytilgan.