TOShKENT, 27 okt – Sputnik. Hukumatning 2025-yil 24-oktabrdagi 670-son qarori bilan “O‘zbekiston iqtisodiyoti uchun tizimli ahamiyatga ega yirik korxonalar tomonidan bank krediti va tashqi qarzlarni jalb qilish tartibi to‘g‘risida”gi nizom tasdiqlandi.
Nizom O‘zbekiston iqtisodiyoti uchun tizimli ahamiyatga ega yirik korxonalar, ularga tegishli korxonalar hamda ularga o‘zaro aloqador korxonalar guruhi tomonidan bank krediti va tashqi qarzlarni jalb qilishni nazorat va monitoring qilish tartibini belgilaydi.
Nizomga ko‘ra, yirik qarzdorlarning moliyaviy holati bo‘yicha xatarlar darajasi “past xatarli”, “o‘rta xatarli” va “yuqori xatarli” deb toifalanadi.
Yirik qarzdorlarning toifasi:
“past xatarli” bo‘lganda, jalb etilayotgan yangi moliyaviy qarz miqdoridan qat’i nazar;
“o‘rta xatarli” bo‘lganda, jalb qilinayotgan yangi moliyaviy qarz miqdori mavjud moliyaviy qarzlari qoldig‘ining 5 foizidan yoki 20 mln dollar ekvivalentidan kam bo‘lgan hollarda;
“yuqori xatarli” bo‘lganda, jalb qilinayotgan yangi moliyaviy qarz miqdori mavjud moliyaviy qarzlar qoldig‘ining 1 foizidan yoki 5 mln dollar ekvivalentidan kam bo‘lgan hollarda Muvofiqlashtiruvchi komissiyani xabardor qilgan holda moliyaviy qarzlar jalb etiladi.
Yirik qarzdorlar moliyaviy holati yomonlashganda Muvofiqlashtiruvchi komissiya tomonidan ularni moliyaviy sog‘lomlashtirish bo‘yicha quyidagi moliyaviy usullardan foydalanish bo‘yicha tavsiyalar beriladi, jumladan:
mavjud qarzlarni to‘lash uchun yangi, qulayroq shartlarda qarzlar olish;
qarzdorlikni qayta ko‘rib chiqish (muddatini uzaytirish, to‘lov jadvalini o‘zgartirish, foiz stavkasini pasaytirish, valyuta turini o‘zgartirishi).
Yirik qarzdorlar Muvofiqlashtiruvchi komissiyaning moliyaviy qarzni jalb qilishni rad etish to‘g‘risidagi qaroridan norozi bo‘lgan taqdirda, qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda sudga shikoyat qilishi mumkinligi belgilandi.