TOShKENT, 26 okt – Sputnik. O‘zbekistonda voyaga yetmagan shaxslar uchun jinoiy javobgarlik liberallashtirildi. Yangi qonun bilan Jinoyat kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritildi.
Kodeksga kiritilgan o‘zgartirish qo‘shimchalarga ko‘ra, 18 yoshga to‘lguniga qadar sodir etgan jinoyati uchun tayinlangan jazoni o‘tab bo‘lgan shaxs sudlanmagan hisoblanishi belgilandi.
Bundan o‘ta og‘ir jinoyatlar yoki sodir etgan jinoyati uchun tayinlangan jazoni o‘tab bo‘lganidan keyin o‘n sakkiz yoshga to‘lguniga qadar qasddan yangi jinoyat sodir etish hollari mustasno etib belgilandi.
Shuningdek, voyaga yetmaganlarga nisbatan ozodlikni cheklashning hamda ozodlikdan mahrum qilishning eng kam muddati olti oydan bir oygacha qisqartirildi.
Statistik raqamlarga ko‘ra, O‘zbekistonda 2023-yilda 1 911 nafar, 2024-yilda 2214 nafar voyaga yetmagan shaxs jinoiy javobgarlikka tortilgan va sudlangan. O‘tgan yilda ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan jinoyatlar 1 238 ta, uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyatlar soni esa 855 tani tashkil qilgan.
Senatorlar bu qonun voyaga yetmaganlarga nisbatan jinoiy javobgarlikni yanada liberallashtirishga xizmat qilishi va o‘n sakkiz yoshga to‘lguniga qadar sodir etgan jinoyati uchun jazoni o‘tab bo‘lgan shaxsga hayotini sudlanganlik tamg‘asidan xoli tarzda davom ettirishi uchun sharoit yaratishini ta’kidlashgandi.