TOShKENT, 25 okt — Sputnik. Kecha Toshkentda dabdabali to‘ylar hamda boshqa oilaviy tadbir va marosimlarni ixchamlashtirish, oilaviy qadriyatlarni asrab-avaylashga qaratilgan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Unda jamiyatda maromiylik kayfiyatini shakllantirishga qaratilgan ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot tadbirlarini o‘tkazish bo‘yicha 90 kunlik chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi.
Tadbirda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi, "Nuroniy" jamg‘armasi va boshqa manfaatdor tashkilotlar vakillari, ma’naviy-ma’rifiy sohaga mas’ullar, olimlar, ziyolilar, mahalla faollari ishtirok etdi.
Respublika Ma’naviayt va ma’rifat markazi rahbari Otabek Xasanov oilalalarda yillar davomida yig‘ilgan mablag‘lar yoki bankdan olingan kreditlar zarurat uchun emas, balki obro‘ yoki “odamlardan qolmaslik” uchun sarflanayotgani haqida aytib o‘tdi.
Natijada yosh oilalar hayotining ilk yillarini qarz bilan boshlaydi. Bu esa nafaqat iqtisodiy, balki ruhiy bosim bo‘lib, ko‘pincha oilaviy nizolar, erta ajrimlar va boshqa ko‘ngilsiz holatlarga olib kelmoqda, dedi Hasanov.
Mahallalar uyushmasi raisi Qahramon Quronboyev jamiyatda maromiylik kayfiyatini shakllantrish, yoshlarni moliyaviy savodxonlikka o‘rganish haqida to‘xtalib o‘tdi.
"Maromiylik" dasturning bosh maqsadi — xalqimiz orasida ixchamlik, kamtarlik va shukronalik madaniyatini mustahkamlash, to‘y va ma’rakalarni milliy qadriyatlarimizga mos ravishda, ortiqcha dabdabadan xoli holda o‘tkazishni odatga aylantirishdir, dedi Quronboyev.
Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zulayho Mahkamova oilaviy ajrimlarni kamaytirish hamda ayollar qadrini ko‘tarish masalalarida to‘xtalib o‘tdi.
Bugungi chora-tadbirlar orqali biz xalqimizning farovon turmush tarzini ta’minlash, qadriyatlarimizni asrash va sog‘lom, bilimli, ma’rifatli avlodni tarbiyalashga xizmat qiladigan tizimni birgalikda yaratmoqdamiz, - dedi Mahkamova.