TOShKENT, 22 okt – Sputnik. Rossiya prezidenti Vladimir Putin Moskva viloyatida bo‘lib o‘tayotgan Rossiya va O‘zbekiston hududlari kengashining ikkinchi majlisi ishtirokchilariga murojaat yo‘lladi. Bu haqda Kreml matbuot xizmati xabar berdi.
Murojaatni Rossiya Hukumati raisi o‘rinbosari Denis Manturov forum ochilishida o‘qib eshittirdi.
Rossiya rahbari o‘z murojaatida Rossiya va O‘zbekiston munosabatlari strategik sheriklik va ittifoqchilik ruhida izchil rivojlanayotganini ta’kidladi. Bu hamkorlikning muhim yo‘nalishlaridan biri hududlar o‘rtasidagi aloqalar ekanini qayd etdi.
Putinning so‘zlariga ko‘ra, ikki mamlakat o‘rtasida 40 tadan ortiq hududlararo kelishuvlar amal qilmoqda. Ular iqtisodiyot, ijtimoiy va gumanitar sohalardagi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, sanoat parklari va texnologik markazlar tashkil etish, ko‘rgazmalar va taqdimotlar o‘tkazishga xizmat qilmoqda.
"Ishonchim komilki, sizning muhokamalaringiz konstruktiv va mazmunli bo‘ladi, ilgari surilayotgan g‘oya va tashabbuslar esa Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni mustahkamlash yo‘lida amaliy natijalar beradi", - dedi o‘z murojaatida Vladimir Putin.
Rossiya va O‘zbekiston hududlari kengashi ikkinchi majlisi 21–22 oktabr kunlari Moskva viloyatida bo‘lib o‘tmoqda. Tadbirda ikki mamlakat viloyatlari rahbarlari, vazirlik va idoralar vakillari hamda biznes doiralari ishtirok etmoqda.