Rossiya va O‘zbekiston hududlari yangi savdo va ilmiy hamkorlik kelishuvlarini tuzdi

Rossiyaning Ivanovo viloyati Namangan va Navoiy viloyatlari bilan savdo, sanoat, ta’lim va madaniyat sohalarida yangi kelishuvlar imzoladi.
Sputnik
TOShKENT, 22 okt – Sputnik. O‘zbekiston va Rossiya hududlararo kengashi doirasida Ivanovo viloyati ishtirokida ikki mamlakat hududlari o‘rtasida hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan qator yangi kelishuvlar imzolandi. Bu haqda Ivanovo viloyati hukumati matbuot xizmati xabar berdi.
Xabarda aytilishicha, forumning asosiy natijalaridan biri Ivanovo viloyati hukumati va Namangan viloyati hokimligi o‘rtasidagi kelishuv bo‘ldi.
Hujjat savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy, ijtimoiy-madaniy va gumanitar sohalardagi hamkorlikni kengaytirishni nazarda tutadi.
Bundan tashqari, Ivanovo viloyati hukumati va Navoiy viloyati hokimligi o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi. Uning maqsadi - o‘zaro manfaatli aloqalarni rivojlantirish va ishbilarmon doiralarning to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarini rag‘batlantirish.
Ta’kidlanishicha, O‘zbekiston Ivanovo viloyatining asosiy savdo hamkorlaridan biridir. 2024-yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston bilan tovar ayirboshlash ulushi mintaqa umumiy tashqi savdo aylanmasining 30 foizdan ortig‘ini tashkil etdi.
Viloyatdan O‘zbekistonga asosan kimyo sanoati mahsulotlari, yog‘och mahsulotlari va uskunalar eksport qilinib, paxta va tayyor to‘qimachilik mahsulotlari import qilinadi.
Toshkent va Nijniy Novgorod viloyatlari o‘rtasida hamkorlik bitimi imzolandi