TOShKENT, 22 okt – Sputnik. O‘zbekistonda sun’iy intellekt asosida zilzilalarni bashorat qilish tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Bu yo‘nalishdagi vazifalarni belgilab beruvchi Prezident Farmoni qabul qilindi.
Farmonni qabul qilishdan ko‘zlangan ustuvor yo‘nalishlar etib quyidagilar belgilandi, jumladan:
- madaniy meros obyektlari va transport inshootlarining zilzilabardoshligini monitoring qilish tizimini yaratish;
- seysmik xavfsizlikni ta’minlash sohasini raqamlashtirish va unga sun’iy intellekt texnologiyalarini tatbiq etish;
- qurilish maydonlari uchun zamin gruntlarini o‘rganish va ularning mustahkamligini oshirish choralarini ko‘rish.
Farmonga ko‘ra, 2026-yil 1-yanvardan boshlab:
-️ respublikadagi “A-373” va “M-39” avtomobil yo‘llarida hamda ularga tutash tog‘li hududlardan o‘tgan temiryo‘llarda ko‘chki sodir bo‘lishi ehtimoli yuqori hududlarning doimiy radiolokatsion kosmik monitoringi tashkillashtiriladi;
- sun’iy intellekt yordamida seysmik xavf yuqori bo‘lgan hududlarda kuchli zilzilalarni o‘rta va uzoq muddatlarda prognoz qilish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.
Dastlabki bosqichda sun’iy intellekt yordamida kuchli zilzilalarni o‘rta va uzoq muddatda prognoz qilish Toshkent shahri misolida tashkil etiladi.
2026 yil 1-martdan boshlab bino va inshootlarning zilzilabardoshlik bo‘yicha texnik holati sun’iy intellekt yordamida tahlil qilinadi.