O‘zbekiston sun’iy intellektdan foydalanishni rivojlantiradi - tafsilotlar

Videoselektor yig‘ilishida SIni rivojlantirish, infratuzilma yaratish, malakali kadrlar tayyorlash va SIni iqtisodiyotning turli tarmoqlariga joriy etish masalalari muhokama qilindi.
Sputnik
TOShKENT, 21 okt – Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida sun’iy intellekt (SI) texnologiyalarini rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Yig‘ilishda sohani jadal rivojlantirish, kadrlar tayyorlash va infratuzilmani yaratishga doir ustuvor vazifalar belgilab berildi.
2030 yilda SIga asoslangan xizmatlar hajmini 1,5 milliard dollarga yetkazish reja qilingan edi. Lekin xorijiy ekspertlar O‘zbekistonning salohiyatini 10 milliard dollarga baholamoqda.
Prezident vazirlar, hokimlar va tarmoq rahbarlariga haftasiga bir kunni aynan SI sohasini rivojlantirishga bag‘ishlashni topshirdi.
Barcha vazirlik va idoralarda sun’iy intellekt bo‘yicha bo‘linmalar tashkil etiladi, hokimlar huzurida maslahatchi lavozimi joriy etiladi.
SI amaliyotdagi natijalari ham ko‘rsatildi. Urganch shahrida “Aqlli shahar” tizimi ishga tushirilib, elektr, gaz, suv, issiqlik ta’minoti, transport, yo‘l va chiqindi xizmatlari yagona situatsion markaz orqali boshqarilmoqda.
Har bir murojaat SI yordamida tahlil qilinadi va tezkor yechim beriladi. Shu hisobiga shaharda yiliga 16 milliard so‘m tejalmoqda. Prezident viloyatlar va poytaxt tumanlariga Urganch tajribasini o‘rganib, yil yakunigacha joriy qilishni topshirdi.
Hozirgi infratuzilma faqat kichik loyihalar uchun yetarli ekanligi qayd etildi. Shu bois 2025-yilda 16 ta superkompyuter sotib olish uchun 50 million dollar ajratildi, kelasi yilda bu mablag‘ ikki barobarga oshiriladi.
Bundan tashqari, Saudiyaning “Data Volt” kompaniyasi bilan hamkorlikda 150 million dollarlik 12 megavattli data-markaz quriladi. Keyingi bosqichda 3 milliard dollar sarmoya hisobiga quvvatlar 500 megavattga yetkaziladi.
Qoraqalpog‘istonda SI infratuzilmasiga 100 million dollardan ortiq sarmoya kiritgan investorlar uchun elektr energiyasi 5 sent narxda beriladi, IT-park imtiyozlari tatbiq etiladi, import uskunalari bojxona to‘lovidan ozod qilinadi.
Ta’lim tizimida ham islohotlar boshlanmoqda. Keyingi o‘quv yilidan “Informatika” fanlariga SI bo‘yicha mavzular kiritiladi. Massachusets texnologiyalar instituti bilan hamkorlikda yangi darsliklar ishlab chiqiladi. “Yangi O‘zbekiston” universitetida 1,3 ming trener va o‘qituvchi tayyorlanadi.
“Bir million o‘zbek dasturchisi” loyihasining davomi sifatida “Bir million SI yetakchisi” dasturi boshlandi. Bu yil 100 ming, kelasi yil 500 ming yoshlar sun’iy intellekt bo‘yicha tayyorlanadi. Eng yaxshi yoshlar va o‘qituvchilar noutbuklar, pul mukofotlari va elektromobillar bilan taqdirlanadi.
O‘zbekiston 2030-yilga borib sun’iy intellekt sohasida dunyodagi “TOP-50” davlat qatoriga kirishni maqsad qilgan. Shu maqsadda “Sun’iy intellekt alyansi”ni tashkil etish tashabbusi ilgari surildi.
Alyansning asosiy vazifalari xalqaro ilmiy markazlar bilan hamkorlik, milliy startaplarni qo‘llab-quvvatlash va O‘zbekistonning sun’iy intellekt salohiyatini jahonga tanitishdan iborat bo‘ladi.
Yig‘ilishda tarmoq va hudud rahbarlari, startaplar asoschilari va informatika o‘qituvchilari ishtirok etib, o‘z takliflarini bildirdi.
Toshkentda “IT-Park” loyihasining ikkinchi bosqichi boshlandi