Mirziyoyev O‘zbek tili korpusini yaratishni topshirdi

Prezident SI o‘zbek tili va milliy qadriyatlarni to‘la aks ettirishi uchun O‘zbek tili korpusini yaratishni topshirdi
Sputnik
TOShKENT, 21 okt – Sputnik. O‘zbekistonda O‘zbek tili korpusi yaratiladi. Prezident Shavkat Mirziyoyev tegishli topshiriq berdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

“Bir narsani bilinglar – sun’iy intellekt dasturlari samarali ishlashi uchun ular, avvalo, o‘zbek tilini mukammal darajada tushunishi zarur”, – dedi davlat rahbari O‘zbek tili bayrami kuni bilan tabriklayotib.

Davlat rahbarining qayd etishicha, o‘zbek tilidagi adabiyotlar, ma’lumotlar, maqolalar, hisobotlar, ilmiy ishlarning aksariyati raqamlashmagan, elektron shaklga o‘tkazilganlari ham har xil manbalarda saqlanmoqda.
"Vazirlar Mahkamasiga barcha vazirlik va idoralarning o‘zidagi ma’lumotlarni elektron formatga o‘tkazish grafigini tasdiqlatish, Raqamli texnologiyalar vazirligiga esa sun’iy intellekt milliy madaniyat va qadriyatlarni o‘zida ifodalay olishi uchun O‘zbek tili korpusini yaratish topshirildi", - deyilgan xabarda.
2026 yil yakuniga qadar katta hajmdagi raqamli ma’lumotlarni bir joyga jamlab, ularni qayta ishlash, tahlil qilish, foydalanish imkonini beradigan “Data Lake” platformasini ishga tushirish vazifasi qo‘yildi.
Bugun o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganiga 36-yil bo‘ldi.
O‘zbekistondagi vokzal va stansiyalar nomlari davlat tili qoidalariga moslashtiriladi