TOShKENT, 21 okt – Sputnik. Rossiyaning Nijniy Novgorod viloyati hukumati va Toshkent viloyati hokimligi o‘rtasida savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy, madaniy-gumanitar va ijtimoiy sohalarda hamkorlik to‘g‘risidagi bitim imzolandi. Bu haqda Nijniy Novgorod viloyati gubernatori matbuot xizmati xabar berdi.
Gubernator Gleb Nikitin ta’kidlaganidek, hozirgacha viloyatning O‘zbekiston bilan to‘rtta hududiy hamkorlik shartnomasi mavjud bo‘lgan bo‘lsa, endi beshinchisi ham qo‘shildi.
“Hokim Zoir Mirzayev bilan uchrashuv paytiga kelib, to‘rtta hamkorlik shartnomasi mavjud edi. Endi biz O‘zbekistonda beshinchi hamkorga ega bo‘ldik”, — dedi gubernator.
Uchrashuvda axborot texnologiyalari va ta’lim sohalarida hamkorlikni rivojlantirish masalalari ham muhokama etildi. Gleb Nikitinning so‘zlariga ko‘ra, bu yo‘nalishlar ikki hudud uchun dolzarb hisoblanadi:
“Bizning oliy o‘quv yurtlarimizda 2000 dan ortiq o‘zbekistonlik talabalar tahsil olmoqda. Ular Nijniy Novgoroddagi barcha xorijiy talabalarning 30 foizini tashkil etadi. Bu hamkorligimiz salohiyatining yaqqol misoli”, — dedi u.
Tashkentskaya i Nijegorodskaya oblasti podpisali soglashenie o sotrudnichestve
© Press-slujba gubernatora Nijegorodskoy oblasti
Gubernatorning ta’kidlashicha, ikki hudud o‘rtasidagi hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Nijniy Novgorod delegatsiyasi mehmonlarga viloyatning iqtisodiy va ilmiy salohiyatini namoyish etdi — ular qurilayotgan muz arenasi, “NEMARK” IT-kampusi hamda tarixiy yodgorlik joylarini ko‘zdan kechirishdi.