TOShKENT, 20 okt – Sputnik. Ashxobodda bo‘lib o‘tgan xalqaro kimyo olimpiadasida o‘zbekistonlik talabalar jami 13 ta medalga sazovor bo‘ldi. Bu haqdagi ma’lumot Maxtumquli nomidagi Turkmaniston davlat universitetining (TDU) rasmiy saytida e’lon qilingan.
15–17 oktabr kunlari Maxtumquli nomidagi TDUda tashkil etilgan mazkur olimpiada oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida o‘tkazilib, bellashuvlar turkman, rus va ingliz tillarida ikki toifada amalga oshirildi: kimyo yo‘nalishi talabalari uchun — A toifasi, boshqa yo‘nalishlarda tahsil olayotganlar uchun — V toifasi.
A toifasida O‘zbekistondan qatnashgan bir talaba bronza medalini qo‘lga kiritdi. V toifasida esa mamlakat talabalari 4 ta oltin, 2 ta kumush va 7 ta bronza medaliga ega chiqishdi. Ushbu muvaffaqiyatni Buxoro davlat texnika universiteti, Buxoro davlat universiteti va Qarshi davlat universiteti talabalari ta’minladi.
Kimyo olimpiadasida Rossiya, Xitoy, Italiya, Eron, Buyuk Britaniya, Belarus, Qozog‘iston, Ozarbayjon, Armaniston, Tojikiston va O‘zbekistonning 24 ta oliy ta’lim muassasasi hamda Turkmanistonning 23 ta universitetidan jami 250 nafarga yaqin talaba ishtirok etdi.