TOShKENT, 17 okt — Sputnik. Yevrosiyo iqtisodiy komissiyasi (YeIK) shtab-kvartirasida O‘zbekiston bilan savdo aloqalarini rivojlantirish va mavjud to‘siqlarni bartaraf etish masalalariga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi. Bu haqda komissiyaning matbuot xizmati xabar berdi.
YeIK savdo ishlari bo‘yicha vaziri Andrey Slepnyovning ta’kidlashicha, O‘zbekiston 2020-yildan buyon Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi huzuridagi kuzatuvchi maqomiga ega bo‘lib, tomonlar o‘rtasidagi hamkorlik strategik xarakter kasb etmoqda.
“Bugungi uchrashuv bizning doimiy sherigimiz — O‘zbekiston Respublikasiga bag‘ishlandi. Hamkorlikdagi ishlarimiz uzluksiz davom etmoqda”, — dedi Slepnyov.
Savdo hajmi oshdi
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekiston va YeOII mamlakatlari o‘rtasidagi savdo hajmi 2023-yilda 15,6 milliard dollardan 25 milliard dollarga yetib, 1,5 barobarga oshgan.
YeOII davlatlari O‘zbekistonga energiya resurslari, qora metallar, mashinasozlik uskunalari, yog‘och, don, shakar va yog‘ mahsulotlarini eksport qilmoqda. O‘z navbatida, O‘zbekistondan ittifoqqa to‘qimachilik mahsulotlari, avtomobillar, elektr texnikasi, oziq-ovqat va meva-sabzavot mahsulotlari yetkazib berilmoqda.
Barqaror o‘sishga qaramay, to‘siqlar mavjud
Shu bilan birga, Slepnyov ikki tomonlama savdoda hanuzgacha mavjud bo‘lgan to‘siqlarni ham qayd etdi hamda ularni muhokama qilishga chaqirdi.
Seminarda logistika, bojxona va ma’muriy tartiblarni takomillashtirish, sanitariya va fitosanitariya talablari, eksportchi yetkazib beruvchilarni akkreditatsiyadan o‘tkazish, davlat xaridlari, o‘zaro hisob-kitoblar va biznes axborot tizimlari masalalari muhokama qilindi.
“Mavjud to‘siqlar bo‘yicha yig‘ilgan ma’lumotlar tizimlashtirilib, O‘zbekiston bilan keyingi muloqotlarda foydalaniladi”, — dedi Andrey Slepnyov.
Mutaxassislarning fikricha, asosiy e’tibor O‘zbekiston va YeOII texnik reglamentlarini uyg‘unlashtirishga qaratilishi zarur.