TOShKENT, 16 okt – Sputnik. Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi (MDH) mamlakatlar uchun asosiy tahdid xalqaro terrorizm bo‘lib qolmoqda, chunki terrorchi tashkilotlar ularni keyingi kengayishlari uchun ustuvor vazifa deb hisoblamoqda. Bu haqda Rossiya Federal xavfsizlik xizmati (FXX) rahbari Aleksandr Bortnikov Samarqanddagi MDHga a’zo davlatlar xavfsizlik organlari va maxsus xizmatlari rahbarlari Kengashining yig‘ilishida ma’lum qildi, deya yozadi RIA Novosti.
Bortnikovning so‘zlariga ko‘ra, hozirgi vaziyatda jihodchilik g‘oyasini targ‘ib qilayotgan tashkilotlar soni o‘sgan. Bu, jumladan, Isroilning harbiy ekskalatsiyasi ortidan ro‘y bermoqda.
Rossiya FXX rahbarining ta’kidlashicha, Yaqin Sharqda terrorchi guruhlar safiga qo‘shilmoqchi bo‘lgan MDH mamlakatlari fuqarolari soni ham ortmoqda.
“Turkiya va Forz ko‘rfazi davlatlari orqali bunday shaxslarni Suriya hududiga olib o‘tish kanallari xorijlik razvedkalar orqali nazorat qilinmoqda. Ular vazifalari orasida yollash va terakt sodir etish uchun nomzodlarni saralab olish bor”, - dedi Bortnikov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Hamdo‘stlik mamlakatlari fuqarolarini “IShID – Xuroson viloyati”* safiga yollash ishlari ham kuchaytirilgani sezilmoqda. Terrorchi tashkilotlar a’zolari internetda tojik, o‘zbek, qirg‘iz va qozoq tillarida targ‘ibot olib borishni boshlagan. Ilgari bu holat kuzatilmagandi.
FXX rahbari MDH maxsus xizmatlari migrantlar oqimida terrorchilarni qidirish ishlarini takomillashtirishi muhimligini ta’kidladi.
Bundan tashqari, terrorizm, ekstremizm, radikalizm g‘oyalari tarqatilishiga qarshi umumiy sa’y-harakatlarni birlashtirish darkor.
* Rossiya va qator davlatlarda taqiqlangan terrorchi tashkilot