“Birlik – 2025”: O‘zbekistonda beshta davlat ishtirokida yirik harbiy mashg‘ulotlar boshlandi

O‘zbekiston, Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston va Ozarbayjon Mudofaa vazirliklari ishtirokida mintaqaviy harbiy o‘quv mashg‘ulotlari boshlandi.
Sputnik
TOShKENT, 16 okt – Sputnik. Mudofaa vazirligi Markaziy harbiy okrugiga qarashli "Kattaqo‘rg‘on" poligonida O‘zbekiston, Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston va Ozarbayjon mudofaa vazirliklari bo‘linmalari ishtirokida keng ko‘lamli harbiy mashg‘ulotlar boshlandi. Bu haqda vazirlikning matbuot va ommaviy kommunikatsiyalar markazi xabar berdi.
Kuni kecha “Birlik – 2025” harbiy o‘quv mashg‘ulotlari tantanali tarzda ochildi.
“Mashg‘ulotlarning asosiy maqsadi mintaqadagi ishonch va harbiy hamkorlikni mustahkamlash, zamonaviy xavf-xatarlarga qarshi birgalikda harakat qilish ko‘nikmasini oshirish, geosiyosiy keskinlik va global tahdidlar sharoitida harbiy-taktik uyg‘unlikni ta’minlashdir”, – deyiladi xabarda.
Mashg‘ulotlar doirasida harbiylar:
artilleriya, dronlar, bronetexnika va uzoq masofadagi nishonlarni aniq nishonga olish imkoniga ega bo‘lgan zamonaviy qurol-aslaha bilan amaliy vazifalar;
ilg‘or jangovar taktikalar asosida hamkorlikda jangovar topshiriqlari;
harbiy tayyorgarlik, jangovar musobaqalar va tajriba almashish mashg‘ulotlarida ishtirok etadilar.
Ma’lumotlarga ko‘ra, mashg‘ulotlarda qatnashchilar qadimiy Samarqand shahriga tashrif buyurib, O‘zbekistonning boy tarixiy-madaniy merosi, urf-odatlari va an’analari bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘ladi.
Shuningdek, Samarqandda Markaziy Osiyo davlatlari va Ozarbayjon mudofaa vazirlarining birinchi uchrashuvi bo‘lib o‘tadi.
Ozarbayjon prezidenti TDT sammitida qo‘shma harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazishni taklif etdi