TOShKENT, 15 okt – Sputnik. Samarqandda 16–17 oktabr kunlari MDH davlatlari xavfsizlik organlari, maxsus va razvedka xizmatlari rahbarlari majlisi bo‘lib o‘tadi. Bu haqda DXX matbuot xizmati xabar berdi.
Ushbu anjumandan ko‘zlangan maqsad — Hamdo‘stlik makonida xavfsizlikni ta’minlash, shu jumladan, xalqaro terrorizm va ekstremizm, transmilliy uyushgan jinoyatchilik, axborot xavfsizligiga tahdidlar, shuningdek, giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning aylanmasiga qarshi kurashda hamkorlikni mustahkamlash.
Majlisda zamonaviy tahdidlar va o‘zaro harakatlarni muvofiqlashtirishga oid keng qamrovli masalalar ko‘rib chiqiladi.
Tadbirda Ozarbayjon, Armaniston, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘izston, Rossiya, Tojikiston, O‘zbekiston va Turkmaniston maxsus xizmatlari rahbarlari hamda MDH Ijroiya qo‘mitasi va MDHga a’zo davlatlar Aksilterror markazi vakillari ishtirok etadi.