TOShKENT, 15 okt – Sputnik. Farg‘onada 15-16 oktabr kunlari “Farg‘ona vodiysi: tinchlik va taraqqiyot yo‘lida birdamlik” forumi bo‘lib o‘tmoqda.
Forumning ochilish marosimida so‘zga chiqqan viloyat hokimi Xayrullo Bozorov Farg‘ona tinchlik forumi — bu O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Markaziy Osiyoni tinchlik, yaxshi qo‘shnichilik va hamkorlik mintaqasiga aylantirish siyosatining amaldagi ifodasi ekanligini ta’kidladi.
"So‘nggi to‘qqiz yil ichida mamlakatlarimiz o‘rtasidagi yaxshi qo‘shnichilik munosabatlari misli ko‘rilmagan darajaga yetdi. Prezidentlarimiz ochiq va pragmatik siyosati, do‘stona va o‘zaro manfaatli munosabatlarni rivojlantirish tashabbuslari tufayli O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iziston hamkorligi yangi bosqichga ko‘tarildi", - dedi Bozorov.
Anjumanda Markaziy Osiyo, MDH, Osiyo, Yevropa va Amerika mamlakatlaridan 300 dan ortiq ishtirokchi, shuningdek, Tojikistonning So‘g‘d va Qirg‘iz Respublikasining Botken viloyati rahbarlari qatnashmoqda.
Farg‘ona tinchlik forumida ishtirok etayotgan BMT, YeI va ShHT vakillari ushbu tadbir muloqot, o‘zaro ishonch va yaxshi qo‘shnichilikni mustahkamlash hamda Farg‘ona vodiysini rivojlantirish uchun doimiy platforma yaratishga xizmat qilishini ta’kidlashdi.