TOShKENT, 13 okt – Sputnik. Profilaktika ishlarini amalga oshirish munosabati bilan vaqtincha to‘xtatilgan “Texnopark – Qipchoq” bekatlari oralig‘ida metro poyezdlari harakati joriy yilning 1-noyabr sanasi atrofida qayta tiklanishi kutilmoqda. Bu haqda “Toshkent metropoliteni” DUK matbuot xizmati xabar berdi.
Xabarda aytilishicha, yer usti halqa yo‘li yo‘nalishida olib borilgan rejali profilaktika ishlari doirasida keng ko‘lamli tekshiruvlar o‘tkazilib, aniqlangan bir qator kamchiliklar bartaraf etilgan. Jumladan, yo‘l holati to‘g‘rilangan, nosoz shpallar almashtirilgan, drenaj tizimi tekshirilgan hamda shag‘allar holati baholangan.
Avvalroq ushbu yo‘nalish faoliyatining taxminan 18-oktabr kuni qayta yo‘lga qo‘yilishi haqida ma’lumot berilgan edi.
Biroq sinov jarayonlarini takomillashtirish, poyezdlar harakatini ikki barobar tezlashtirish va oraliq intervalni qisqartirish maqsadida bekatlar faoliyati 1-noyabr atrofida qayta yo‘lga qo‘yilishi kutilmoqda.