TOShKENT, 10 okt – Sputnik. O‘zbekiston oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov Belarus ta’lim vazirining birinchi o‘rinbosari Aleksandr Baxanovichni qabul qildi.
Suhbatda ikki mamlakat o‘rtasidagi ta’lim sohasidagi hamkorlik, xususan, kasbiy ta’lim tizimini rivojlantirish, pedagoglar malakasini oshirish va ilg‘or tajribalarni tatbiq etish masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar AT texnologiyalari, energetika, qurilish va ekologiya kabi yo‘nalishlarda Belarus tajribasini o‘rganish, shuningdek, kompetensiya markazlari faoliyatini rivojlantirish bo‘yicha hamkorlikni kengaytirish zarurligini ta’kidlashdi.
Uchrashuv yakunida tomonlar ta’lim va ilmiy tadqiqot sohasidagi aloqalarni yanada chuqurlashtirish hamda o‘zaro tajriba almashuvni davom ettirishga kelishib olishdi.