TOShKENT, 10 okt – Sputnik. Rossiyaning “Medina” nashriyoti O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga noyob asarlar to‘plamini hadya qildi. Ular orasida islom matbaachiligi tarixidagi ilk bosma Qur’onlardan biri ham bor. Bu haqda markaz matbuot xizmati xabar berdi.
Noyob kitoblarni topshirish "Buyuk o‘tmish merosi — ma’rifatli kelajak asosi" xalqaro forumi doirasida bo‘lib o‘tdi.
“Marosimda hadya etilgan eng qimmatli nusxalardan biri — musulmonlar tomonidan ilk bor nashr etilgan Qur’oni Karim bo‘ldi. Bu muqaddas kitob 1787-yilda Sankt-Peterburg shahrida chop etilgan bo‘lib, islom matbaachiligi tarixidagi ilk bosma Qur’onlardan biri sifatida jahon madaniy merosida alohida o‘rin tutadi”, - deyilgan xabarda.
“Medina” nashriyoti rahbari Ilyas Sadurining so‘zlariga ko‘ra, Islom sivilizatsiyasi markaziga bunday to‘plamni taqdim etish katta sharaf.
“Bu hadya orqali biz ilmiy va ma’rifiy hamkorlikni mustahkamlashni, Markaz faoliyati orqali yosh avlodga tarixiy merosni yetkazishda o‘z hissamizni qo‘shishni maqsad qilganmiz”, - dedi u.
Islom sivilizatsiyasi markazi Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 23-iyundagi qarori asosida qurilmoqda. Markaz binosi uch qavatdan iborat bo‘lib, qadimiy me’morchilik yodgorliklari uslubida yaratilgan. Majmuaning to‘rt tomonida balandligi 34 metrli peshtoqlar, o‘rtada 65 metrli gumbaz qurilgan.
Markazning eng asosiy qismida Qur’oni karim zali bo‘ladi. Bu yerda musulmon dunyosining ma’naviy durdonasi — qadimiy Usmon Mushafi joylashtiriladi. Shuningdek, somoniylar, qoraxoniylar, xorazmshohlar, O‘zbekxon, temuriylar va boshqa tarixiy sulolalar davrida bitilgan muqaddas kitob nusxalari va ularning eski o‘zbek tilidagi tarjimalari qo‘yiladi. Jahondagi eng nodir qo‘lozma Qur’onlardan namunalar ham o‘rin oladi.