Namunali tumanlarga investitsiyalar, “yashil” binolar va yangi imkoniyatlar yaratiladi

Tuman va mahallalarni namunali hududga aylantirish haqidagi qaror imzolandi. Hujjat doirasida har yili investitsiya loyihalari amalga oshirilib, energiya samarador binolar qurilishi ko‘zda tutilgan.
Sputnik
TOShKENT, 10 okt – Sputnik. “Alohida tuman (shahar) va mahallalarni aholining yashashi va tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishi uchun namunali hududga aylantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qarori (PQ–298-son, 08.10.2025 y.) qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, alohida tuman (shahar) va mahallalar namunali hududga aylantiriladi.
“Yangi O‘zbekiston qiyofasidagi tuman (shahar)” loyihasi doirasida har yili quyidagilar amalga oshiriladi, jumladan:

Kamida 50 million dollar ekvivalenti miqdorida investitsiyalarni jalb qilgan holda ixtisoslashgan yo‘nalishlarda kamida 10 tadan yirik investitsiya loyihalari ishga tushiriladi;

ilgari o‘z mahsuloti bilan tashqi bozorlarga chiqmagan kamida 3–5 tadan korxona eksport faoliyatiga jalb qilinadi;
xorijiy davlatlardan texnolog, marketolog, brend-menejer kabi mutaxassislarni jalb qilgan holda kamida 1 ta korxonada milliy brend mahsulotlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi;
10 nafardan tadbirkorlar xorijiy davlatlarda o‘tkaziladigan ixtisoslashgan sanoat ko‘rgazmalariga tajriba almashish uchun yuboriladi.
“Yashil” va energiya samarador hududlarni rivojlantirish doirasida:
2026 yil 1-yanvardan boshlab barcha davlat idoralari va ijtimoiy soha muassasalari binolari faqat energiya samaradorlik tamoyillari asosida quriladi va modernizatsiya qilinadi;
2027 yil 1-yanvarga qadar davlat idoralari, davlat ishtirokidagi korxonalar va ijtimoiy soha muassasalari energiya samarador uskunalar bilan to‘liq jihozlanadi.
2026 yil 1-martdan boshlab bittadan ijtimoiy soha muassasasi binolarini “Nol energiya sarfli binolar” konsepsiyasi asosida modernizatsiya qilish bo‘yicha pilot loyihalar boshlanadi.
Mirziyoyev Yangi Kamolon mahallasi hayoti bilan tanishdi