TOShKENT, 10 okt – Sputnik. Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi (MDH) global oldindan bashorat qilib bo‘lmaydigan jarayonlarda o‘zini barqarorligi, samaradorligi va zarurligini namoyish etmoqda. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Dushanbedagi MDH Davlat rahbarlari kengashi yig‘ilishida so‘zlagan nutqida ma’lum qildi.
Davlat rahbari global siyosat va iqtisodiyotdagi oldindan bashorat qilib bo‘lmaydigan jarayonlar hamda xalqaro institutlarning roli zaiflashib borayotganiga qaramasdan, MDH o‘zining barqarorligi, samaradorligi va zarurligini namoyish etishda davom etayotganini ta’kidladi.
O‘n yillar davomida yo‘lga qo‘yilgan mexanizmlar va aloqalar tufayli iqtisodiy, ijtimoiy va gumanitar masalalarning barcha yo‘nalishlarida yaqindan hamkorlik qilinmoqda.
“Biz MDH doirasida hamkorlikni yanada mustahkamlash, shuningdek, tabiiy sheriklarimiz bo‘lgan mamlakatlar bilan amaliy hamkorlikning samaradorligini oshirishdan manfaatdormiz”, - dedi Mirziyoyev.
Ma’lum qilinishicha, O‘zbekistonning MDHdagi sheriklari bilan tovar ayirboshlash hajmi o‘tgan yili 11 foizga oshgan va bu ko‘rsatkich joriy yilda ham o‘sishda davom etmoqda. Bunday ko‘rsatkichlar tarmoqlararo kooperatsiya chuqurlashayotgani va o‘zaro investitsiyalar oqimi ko‘payib borayotgani tufaylidir.
Dushanbeda Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon raisligida o‘tgan sammit ishida Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev, Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko, Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov, Rossiya prezidenti Vladimir Putin, Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedov, Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan hamda MDH bosh kotibi Sergey Lebedev ishtirok etdi.