Yoshlarga xorijiy til o‘qish xarajatlari qisman qoplab beriladi

Hukumatning 632-sonli qarori bilan 2+6 dasturi tasdiqlandi. Unga ko‘ra, xorijiy til o‘quv markazlarida ta’lim olayotgan yoshlarga 6 oygacha o‘qish xarajatlari uchun davlat subsidiyasi ajratiladi
Sputnik
TOShKENT, 9 okt – Sputnik. Hukumat qarori bilan “Yoshlarning o‘quv markazlarida xorijiy tillarni o‘qish xarajatlari bir qismi uchun subsidiya ajratish tartibi to‘g‘risida”gi nizom tasdiqlandi. Bu haqda Adliya vazirligi matbuot xizati xabar berdi.
Nizomga ko‘ra, “2+6” dasturi xorijiy tillarni bilish bo‘yicha belgilangan ballning (darajaning) kamida minimal ko‘rsatkichiga ega bo‘lgan ariza beruvchiga tatbiq etiladi.
Unga muvofiq, o‘quv markazi tomonidan yoshga xorijiy tilni o‘qitish xizmati ko‘rsatilganda, dastlabki 2 oylik o‘qish xarajati ariza beruvchi tomonidan to‘lanadi. Keyingi 6 oylik o‘qish xarajati esa Yoshlar ishlari agentligining Yoshlarga oid davlat siyosatini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan subsidiya qilinadi.
"2+6" dasturiga muvofiq, yoshlarga har oy yakuni bo‘yicha quyidagi miqdorda subsidiya ajratiladi:
Toshkent shahrida – BHMning 2 baravarigacha (824 ming so‘mgacha);
Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar markazlarida – BHMning 1,5 baravarigacha (618 ming so‘mgacha);
tuman (shahar)larda – BHMning 1 baravarigacha (412 ming so‘mgacha).
Agentlik tomonidan 2025–2026 yillarda o‘quv markazlarida xorijiy tillarni o‘rganadigan 20 ming nafargacha, 2031-yilga qadar har yili 20 ming nafargacha yoshlarga o‘qish xarajatlari uchun subsidiya ajratiladi.
Bunda tegishli yilda subsidiya ajratilgan yoshlar soni 20 ming nafardan oshgan taqdirda, o‘sha yil uchun subsidiya ajratish keyingi yilga qadar to‘xtatiladi.
Ariza beruvchilarning xorijiy tilni o‘qitish xarajati uchun:
o‘quv markazlarining reytingini shakllantirish uchun belgilangan tartibda elektron platforma orqali ro‘yxatdan o‘tgan;
ariza beruvchilarning o‘quv mashg‘ulotlarida qatnashganini kunlik elektron nazorat qilish imkonini beruvchi elektron platformaga integratsiya qilingan o‘quv markazlariga "2+6" dasturi doirasida subsidiya ajratiladi.
Endi migrantlarga subsidiya va kreditlar ajratiladi — yangi qaror