Toshkent viloyatida siam egizaklarni ajratish bo‘yicha muvaffaqiyatli operatsiya o‘tkazildi

Chirchiq shahri tibbiyot markazida noyob operatsiya amalga oshirildi. Muddatidan avval tug‘ilgan siam egizaklar muvaffaqiyatli ajratildi.
Sputnik
TOShKENT, 9 okt – Sputnik. Ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Chirchiq shahridagi Toshkent viloyati filialida noyob operatsiya o‘tkazildi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Kesarcha kesish yo‘li bilan muddatidan avval dunyoga kelgan siam egizaklari tug‘uruqdan 9 soat o‘tib, shoshilinch ravishda mahalliy sharoitda o‘ta murakkab amaliyot orqali ajratib olindi.
Besh soat davom etgan yuqori texnologik operatsiya Neonatal xirurgiya markazi rahbari professor Baxtiyor Ergashev boshchiligidagi malakali mutaxassislar tomonidan bajarildi.

Sog‘liqni saqlash vaziri Asilbek Xudayarovning ta’kidlashicha, bunday murakkab amaliyotlar hatto rivojlangan davlatlarda ham uzoq tayyorgarlikdan so‘ng bajariladi. Viloyat darajasida muddatidan avval tug‘ilgan siam egizaklarni muvaffaqiyatli ajratish — mamlakat tibbiyoti yangi bosqichga ko‘tarilganining yorqin dalilidir.

Siam egizaklarini ajratib olish operatsiyasida ishtirok etgan bir guruh mutaxassislar “O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash a’lochisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.
Salomatligi yaxshilangan bemorlar va ularning onasiga shifoxonadan uyiga javob berildi.
Eslatib o‘tamiz, o‘zbekistonlik shifokorlar ilk bor siam egizaklarini 2023-yilda muvaffaqiyatli ajratib olishgan edi. O‘shanda qirg‘izistonlik siam egizaklarda o‘ta noyob operatsiya o‘tkazilgandi.
O‘zbekistonda ilk bor noyob yurak jarrohligi amalga oshirildi