TOShKENT, 9 okt – Sputnik. “Hududlarda sanoatni jadal rivojlantirish va sanoat korxonalarini eksportga jalb qilishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori (PQ-295, 04.10.2025 y.) qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Qarorga ko‘ra, 2025–2026 yillarda hududlarda sanoatni rivojlantirishning asosiy maqsadli ko‘rsatkichlari etib quyidagilar belgilandi, jumladan:
respublika sanoatida hududiy sanoatning ulushini 45 foizga yetkazish;
hududlarda 34 ta yuqori texnologiyali sanoat loyihalarini amalga oshirish orqali sanoatda texnologik mahsulotlar ulushini 25 foizga yetkazish va 3,5 mingdan ortiq yangi ish o‘rinlarini yaratish;
har bir tuman va shaharlarda 5 tagacha sanoat “o‘sish nuqtasi”ni rivojlantirish.
2026 yil 1-yanvardan boshlab 2028-yil 1-yanvarga qadar:
- ishchilarining o‘rtacha ish haqi mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining ikki baravaridan kam bo‘lmagan sanoat korxonalari uchun ishchilarni tashish va ovqatlantirish bilan bog‘liq xarajatlardan har bir ishchi uchun bir oyda bir BHM gacha bo‘lgan qismi ijtimoiy soliqdan ozod qilinadi.
- o‘z ehtiyoji uchun gips xomashosini qazib chiqaruvchi va undan tayyor qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi korxonalarga gips olish uchun belgilangan yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliq stavkasi 50 foiz miqdorida qo‘llanadi.