TOShKENT, 9 okt – Sputnik. Dushanbe shahrida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Tojikiston prezidenti Emomali Rahmonning uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston rahbari matbuot xizmati xabar berdi.
“O‘zbekiston bilan Tojikiston o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada kengaytirish va mustahkamlashning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi”, - deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, ikki tomonlama hamkorlik ijobiy sur’at bilan rivojlanib borayotgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi. Tovar ayirboshlash va yuk tashish hajmi, aviaqatnovlar soni ortib bormoqda.
Prezidentlar o‘zaro savdoni ko‘paytirish, sanoat, energetika, qishloq xo‘jaligi va boshqa ustuvor yo‘nalishlarda kooperatsiya loyihalarini ilgari surish bo‘yicha muvofiqlashtirilgan chora-tadbirlarni qabul qilishga alohida e’tibor qaratishdi.
Faol madaniy-gumanitar almashinuv va sermahsul hududlararo aloqalarni davom ettirish muhimligi qayd etildi.
Mirziyoyev va Rahmon xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik asosiy masalalar, jumladan, joriy yil noyabrida Toshkent shahrida o‘tkaziladigan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuviga tayyorgarlik ko‘rish yuzasidan batafsil fikr almashdi.
Eslatamiz, O‘zbekiston rahbari amaliy tashrif bilan Tojikistonda bo‘lib turibdi. Mirziyoyev 9-10 oktabr kunlari "Markaziy Osiyo – Rossiya" formatidagi ikkinchi sammit hamda Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi (MDH) Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi yig‘ilishida ishtirok etadi.