TOShKENT, 9 okt – Sputnik. Hukumat qarori bilan “O‘zbekiston Respublikasida aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish tartibi to‘g‘risida ”gi nizom tasdiqlandi. Bu haqda Adliya vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Hujjat O‘zbekistonda aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish tartibini belgilaydi.
Ro‘yxatga olish 2026-yilning 15-yanvaridan 28-fevraliga qadar o‘tkaziladi
Ro‘yxatga olishni o‘tkazish davomiyligi – 45 kun.
Respondentlarning shaxsga va qishloq xo‘jaligi faoliyatiga doir ma’lumotlarini to‘plash jarayonida ro‘yxatga olish sanasidan keyingi o‘zgarishlar hisobga olinmaydi.
Jumladan, ro‘yxatga olish savolnoma shakllari va boshqa ro‘yxatga olish hujjatlari 2026-yilning 15-yanvaridan keyin tug‘ilgan bolalarga nisbatan to‘ldirilmaydi, biroq ro‘yxatga olish sanasidan keyin vafot etgan shaxslarga nisbatan to‘ldiriladi.
Aholi soni va uning tarkibini hisoblashda:
bir yildan ortiq muddatda mamlakat hududida bo‘lmagan fuqarolar;
Tashqi ishlar vazirligida akkreditatsiya qilingan xalqaro va hukumatlararo tashkilotlar, chet davlatlar hukumat tashkilotlari hamda chet davlatlar vakolatxonalarining xodimlari bo‘lgan chet el fuqarolari hamda ularning oila a’zolari;
xalqaro shartnomalarga muvofiq diplomatik imtiyozlarga va immunitetga ega bo‘lgan boshqa shaxslar hisobga olinmaydi.
Respondentlar o‘zining doimiy yoki vaqtincha yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olinadi. Bunda kunlik tungi dam olishining ko‘proq qismini o‘tkazadigan uy (hovli), kvartira, yashash uchun foydalanilayotgan boshqa turar joy yoki noturar joy bino yashash joyi hisoblanadi.