TOShKENT, 6 okt – Sputnik. Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi (YeIK) Misr bilan erkin savdo hududi (ESH) bo‘yicha muzokaralarni qayta boshlashga tayyor. Bu haqda YeIK savdo vaziri Andrey Slepnyov ma’lum qildi.
“Biz har qanday vaqtda muzokaralar jarayonini qayta boshlashga, o‘zaro munosabatlarni o‘rnatish uchun yangi sharoit va yondashuvlarni izlashga tayyormiz. Ammo bunda har ikki tomonning irodasi kerak, Misr tomoni ushbu muzokaralarni davom ettirishni o‘zi uchun mumkin deb hisoblagandan so‘ng biz bunga mamnuniyat bilan qaytamiz”, - dedi vazir “Izvestiya” nashriga bergan intervyusida.
Ta’kidlanishicha, hozirgi paytda Misr tomonining tashabbusi bilan Qohira bilan muzokaralar jarayoni to‘xtatilgan. Bu hozirgi dunyo iqtisodiy sharoitlari va ayniqsa Misrdagi vaziyatni hisobga olgan holda iqtisodiy muvozanatlarni qo‘shimcha tahlil qilish va baholash istagi bilan bog‘liq.
Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashi 2016-yilda Qohira bilan ESH bo‘yicha muzokaralar o‘tkazishni ma’qullagan. 2024-yil oxirigacha tomonlar oltita muzokaralar raundini o‘tkazishdi.
Misrlik professor Vafa Alining so‘zlariga ko‘ra, YeOII bilan erkin savdo hududi bo‘yicha muzokaralarni qayta boshlash Qohira uchun strategik imkoniyatdir.
Hamkorlik mamlakatga 180 milliondan ortiq iste’molchilar, jumladan, Rossiya va Qozog‘iston bozoriga kirish imkoniyatini beradi, shuningdek, qishloq xo‘jaligi va to‘qimachilik mahsulotlarini eksport qilish uchun qo‘shimcha kanallar yaratadi.