TOShKENT, 5 okt – Sputnik. AQShning Ukrainaga “Tomahawk” qanotli raketalarini ehtimoliy yetkazib berish qarori Rossiya va AQSh o‘rtasidagi munosabatlarning ijobiy intilishlarining barbod bo‘lishiga olib keladi. Bu haqda Rossiya prezidenti Vladimir Putin ma’lum qildi.
“Bu (Kiyevga “Tomahawk” raketalarini ehtimoliy yetkazib berish qarori – tahr.) munosabatlarimiz (Rossiya va AQSh) barbod bo‘lishiga olib keladi. Har holda, bu munosabatlarda kuzatilayotganda ijobiy intilishlarni”, - dedi Putin “Rossiya 1” telekanaliga bergan intervyusida.
Rossiya rahbari ilgari ham Kiyevning “Tomahawk” qurolini qo‘llashi Rossiya va AQSh munosabatlariga putur yetkazishini aytgandi. Bu raketalarni Ukraina amerikalik harbiylarning ishtirokisiz qo‘llay olmaydi.
Avvalroq AQSh vitse‑prezidenti Jey Di Vens "Fox News"ga bergan intervyusida Tramp ma’muriyati “Tomahawk”larni Ukrainaga yetkazib berish imkoniyatini muhokama qilayotganini qayd etgan, ammo so‘nggi qaror prezidentning o‘zida qolishini bildirgan.
Rossiya esa G‘arbning Ukrainaga qurol yetkazib berishini mojaroni hal qilishga to‘sqinlik qilib, NATO davlatlarini bevosita mojaro jarayoniga jalb etish xavfi borligini ta’kidlab kelmoqda. Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovning fikricha, Ukrainaga qurol yetkazib beriladigan har qanday yuk Rossiya uchun qonuniy nishon sifatida ko‘rilishi mumkin. Kreml esa G‘arbning Ukrainani qurol bilan ta’minlashi muzokaralarga salbiy ta’sir ko‘rsatishini bildirgan.