Jahon banki Toshkentda jamoat transporti modernizatsiyasiga yordam beradi

Jahon banki vakillari bilan echrashuvda avtobus yo‘laklari, elektr avtobuslar, elektron to‘lov tizimlari va transport xavfsizligini oshirish bo‘yicha qator takliflar ilgari surildi
Sputnik
TOShKENT, 3 okt — Sputnik. 2 oktabr kuni Iqtisodiyot va moliya vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Norqulov Jahon banki (JB) vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Unda JBning transport amaliyoti rahbari Shomik Raj, transport masalalari bo‘yicha mutaxassislar hamda bir qator mas’ullar ishtirok etdi.
Uchrashuvda JB ekspertlari bilan O‘zbekistonda jamoat transporti tizimini modernizatsiya qilish, transport infratuzilmasini yaxshilash va hududlararo bog‘liqlikni oshirish masalalari muhokama qilindi.
Muzokaralar davomida Toshkent shahri va viloyatlar markazlarida avtobus yo‘laklarini tashkil etishni jadallashtirish, elektr avtobuslar joriy etishni kengaytirish, marshrutlar tizimini optimallashtirish hamda elektron to‘lov tizimini rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, veloyo‘laklar va zamonaviy bekatlar qurilishi, yo‘llarda xavfsizlikni oshirish, transport oqimini samarali boshqarish hamda tirbandliklarni kamaytirishga oid takliflar taqdim etildi.
JB vakillari, Fransiya, Angliya va AQSh tajribalari hamda Xitoy, Marokash, Braziliya va boshqa bir qator davlatlarda amalga oshirilgan tezkor avtobus yo‘nalishlari, metro va aqlli transport tizimlari bo‘yicha loyihalar natijalari bilan o‘rtoqlashdi. Mazkur tajribalar O‘zbekiston uchun ham moslashtirilishi mumkinligi ta’kidlandi.
Yakunda tomonlar O‘zbekiston transport tizimini modernizatsiya qilish bo‘yicha hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldi. Qayd etilishicha, JB bilan olib boriladigan qo‘shma loyihalar jamoat transporti sifatini oshirish, infratuzilmani modernizatsiya qilish va shaharlararo bog‘liqlikni kuchaytirish orqali fuqarolarga yanada qulay, xavfsiz va zamonaviy xizmatlarni taqdim etishga xizmat qiladi.
Xitoydan Toshkentga 100 ta elektrobus jo‘natildi