O‘zbekiston Moskvadagi Afg‘oniston bo‘yicha maslahatlashuvda ishtirok etadi

Moskvada Afg‘oniston bo‘yicha xalqaro maslahatlashuv yig‘ilishi o‘tkaziladi. Yig‘ilishda mintaqa va qo‘shni davlatlar maxsus vakillari qatnashib, milliy yarashuv va xavfsizlik masalalarini muhokama qiladi.
Sputnik
TOShKENT, 3 okt — Sputnik. 7 oktabr kuni Moskvada Afg‘oniston bo‘yicha “Moskva formati” maslahatlashuvlarining navbatdagi — yettinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi. Bu haqda Rossiya TIV matbuot xizmati xabar berdi.
Yig‘ilish O‘zbekiston, Hindiston, Eron, Qozog‘iston, Xitoy, Qirg‘iziston, Pokiston, Rossiya, Tojikiston va Turkmaniston maxsus vakillari darajasida bo‘lib o‘tadi.
Mehmon sifatida Belarus delegatsiyasi taklif etilgan. Afg‘oniston tomonidan esa tashqi ishlar vaziri Amirxon Muttaqiy qatnashib, tadbir doirasida Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan alohida uchrashuv o‘tkazadi.
Majlisni Rossiya tashqi ishlar vaziri ochib beradi. U yopiq rejimda o‘tadi.
Yig‘ilishda Afg‘onistonda milliy yarashuv jarayoniga ko‘maklashish, mintaqa davlatlarining Kobul bilan siyosiy, iqtisodiy va xavfsizlik sohalaridagi hamkorligini kuchaytirish masalalari ko‘rib chiqiladi. Shuningdek, terrorizm va giyohvandlikka qarshi kurash mavzulariga ham alohida e’tibor qaratiladi.
Yakunda qo‘shma bayonot qabul qilinishi rejalashtirilgan.
O‘zbekiston-Afg‘oniston savdo va logistika qo‘shma korxonasi tashkil etildi