TOShKENT, 2 okt — Sputnik. Hukumat qarori (613-son, 30.09.202 y.) bilan “Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalariga ijara huquqini kredit ta’minoti sifatida garovga qo‘yish tartibi to‘g‘risida”gi nizom tasdiqlandi. Bu haqda Adliya vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Nizomga ko‘ra, ijaraga oluvchi faqat qonunchilikda yoki ijara shartnomasida nazarda tutilgan hollardagina yer uchastkasiga bo‘lgan ijara huquqini ijaraga beruvchining, ya’ni tegishli davlat idorasining, roziligisiz garovga qo‘yishi mumkin
Yer uchastkasiga ijara huquqini garovga olgan holda kredit berish tartibi kredit tashkiloti tomonidan ichki qoidalarga muvofiq mustaqil belgilanadi.
Kredit tashkiloti tomonidan kredit ta’minoti sifatida ijara huquqi yer uchastkasining ijaraga berish muddati va yer uchastkasining bozor qiymatidan kelib chiqib garovga olinadi.
Bunda garovga qo‘yilayotgan yer uchastkasining ijara huquqi muddati kreditni qaytarish muddatidan kamida 5-yildan ortiq bo‘lishi lozim.
Yer uchastkasiga ijara huquqi garovini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish Davlat kadastrlari palatasining tuman (shahar) filiali tomonidan amalga oshiriladi.
Yer uchastkasiga ijara huquqini garovga qo‘yuvchi tugatilganda, garovga oluvchi garov narsasiga muddatidan oldin undiruv qaratish huquqiga ega.