TOShKENT, 30 sen – Sputnik. Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligida Iordaniyaning "Dar Al-Dawa" kompaniyasi bosh ijrochi direktori Xaled Xarb bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muzokaralar davomida farmatsevtika sohasidagi hamkorlikni kengaytirish istiqbollari, ilg‘or texnologiyalarni jalb etish va qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Alohida e’tibor O‘zbekistonda ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va zamonaviy sifat standartlarini joriy etish masalalariga qaratildi.
"Dar Al-Dawa Development & Investment Co. Ltd" 1975-yilda tashkil etilgan bo‘lib, Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika mintaqasidagi eng yirik farmatsevtika ishlab chiqaruvchilardan biri hisoblanadi. Kompaniyaning bosh ofisi Amman shahrida joylashgan bo‘lib, mahsulotlari dunyoning 40 tadan ortiq mamlakatlariga eksport qilinadi.