TOShKENT, 30 sen – Sputnik. Boku shahrida o‘tkazilayotgan II O‘zbekiston–Ozarbayjon mediaforumi doirasida ikki mamlakat turizm sohasi vakillari uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda Turizm qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.
Forum ishtirokchilari dastlab Ozarbayjonning davlat va siyosat arbobi Haydar Aliyev xotirasini yod etib, uning qabriga gul qo‘yish marosimida qatnashishdi.
Tadbir davomida O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi turizm aloqalarini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Xususan, sayyohlik yo‘nalishlarini targ‘ib qilishda media sohasida hamkorlik qilish, birgalikda reklama kampaniyalari va multimedia mahsulotlarini yaratish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Shuningdek, O‘zbekiston delegatsiyasi ozarbayjonlik hamkorlarini joriy yilda Toshkentda o‘tkaziladigan “Ipak yo‘lida turizm” xalqaro turizm yarmarkasida ishtirok etishga taklif etdi.